Inomjon AZIMOV

Tashkent State University of Uzbek Language and Literature named after Alisher Navoi

Keywords: Jadid, “Chigatoy gurungi”, orthographi, sound, length, letter, singarmonizm, deepness, thinness, noun, verb, criteria

Jadidlar faoliyatida imlo muammolari katta oʻrinni egallaydi. Millat oydinlari rivojlangan davlatlar tillari kabi qat’iy qoidaga ega boʻlgan imlo qoidalarini ishlab chiqishga harakat qildilar. Turli davralardagi munozaralar, mutaxassislarning matbuotdagi chiqishlari imlo qoidalarining yaratilishiga zamin boʻldi.

Imlo qoidalarining dastlabki tajribasi sifatida Fitrat boshchiligidagi “Chigʻatoy gurungi” tomonidan tayyorlangan “Bitim yoʻllari” risolasini keltirish mumkin. “Bitim yoʻllari”ga hozirgi dastur, yoʻriqnoma, oʻquv qoʻllanmasi, darslik kabi didaktik shakllar nuqtayi nazardan qaralganda, ularning hech biriga toʻliq mos kelmaydi. Aslida mualliflarning oʻzlariga quloq soladigan boʻlsak, u imlo qoidalari toʻplamiga koʻproq yaqin keladi. Ularning “Til bilan yazuvimizni belgili bir yoʻlgʻa qoʻyub...” degan soʻzlariga koʻra u imlo qoidalarini anglatadi (Azimov, 2024, b.225). Qayum Ramazon ham uni imlo qoidalari sifatida e’tirof etadi: “Bashqa fanlarni qoʻyib turaylik, maktablarimizning jan tamiri boʻlgʻan “Til qaidalari” atigʻa shu kungacha bir asar chiqmadi. “Bitim yoʻllari” bilan “Yazuv yoʻllari” esa imladin bahs etar” (Qayum Ramazan 1923).

Shuni alohida qayd etish kerakki, imlo masalasida jadidlar oʻrtasida turlicha qarashlar mavjud edi. Sh.Bobomurodova o‘sha davrda imlo masalasida quyidagi oqimlar mavjudligini qayd etgan: “1. Hech bir usulga va qoidaga rioya qilmasdan qadimiy imlo asosida yozmoq tarafdorlari bo‘lmish qadimchilar; 2. Turkiy so‘zlarni usuli savtiya (tovush usuli) asosida eshitilgancha, arabiy so‘zlarni esa o‘z imlosi bilan yozmoq tarafdorlari; 3. Turkiy va arabiy so‘zlarning hammasini tovush usuli bilan yozmoq tarafdorlari; 4. Turkiy tilimizda yot bo‘lgan harflarni butunlay chiqarib, arab so‘zlarini ham o‘z tovushlarimiz bilan yozmoq tarafdorlari; 5. Arab harflarini butunlay tashlab, uning o‘rniga lotin yozuvini qabul etmoq tarafdorlari” (Bobomurodova 2002, b.202).

Mana shunday murakkab sharoitda yana bir imlo loyihasi ishlab chiqilib, “Maorif va oʻqitgʻuchi” jurnalining 1926-yildagi 7 – 8-sonlarida e’lon qilinadi. Mazkur loyihani ham qoʻyilgan talablarga javob beradigan imlo qoidalari deb ayta olmaymiz, chunki qoidalarda asosan singarmonizm qonuniyatiga asosiy e’tibor qaratilib, fe’llarning, qisman ismlarning qalinlik, ingichkalikka amal qilgan holda toʻgʻri yozilish qoidalari xususida soʻz yuritiladi (Azimov 2024, b.162).

Imlo qoidalarini tuzishda qaysi jihatni (fonetik – savtiy, morfologik – sarfiy) asos qilib olish masalasida ham jadidlar oʻrtasida jiddiy munozaralar boʻladi. Masalan, Shokirjon Rahimiy milliy imlo uchun asos fonetika, ya’ni еshitilgancha yozish asos boʻladi degan fikrni ilgari suradi, lekin bu prinsip har doim ham toʻg‘ri еmasligi, chunki bir oʻrinda bir xil, boshqa oʻrinda boshqacha yoziladigan soʻzlar mavjudligini aytadi. Agar yolg‘iz fonetikaga asoslanilsa, yuqoridagi holat boʻyicha anarxiya yuzaga kelishini, shu sababli imloda еshitilgancha yozish bilan birga, sarfiy (morfologik) asosga rioya qilish lozim deydi. Shuning uchun ham mazkur qoidalarni tuzishda asosan ikki usul – savtiy (fonetik), sarfiy (etimologik – morfologik) amal qilinishi, tilimizda bir qancha shevalar (lahjalar – I.A) boʻlganligi sababli ta’lim-tarbiya ishlarida yеngillik boʻlishi uchun har ikki usuldan foydalanishga qaror qilingani aytiladi (Azimov 2024, b.162).

Umuman olganda, “Yangi ozbek alifbasida imla qaidalari” loyihasini dastlabki tajriba sifatida e’tirof etish mumkin. “buzuq, qoidasiz” (Fitrat) boʻlgan tilni ma’lum qoidalarga solish, bu yoʻlda ma’lum tayyorgarlikka ega boʻlish, boshqa tillar tajribalari bilan yaqindan tanishgan boʻlish lozim edi. Lekin mana shunday murakkab ishga qoʻl urishlari, kamchiliklari boʻlsa-da, oʻz tasavvuridagi imlo qoidalarini ishlab chiqqan jadidlar faoliyatini yuqori baholash mumkin. Mazkur loyiha qayta-qayta muhokama qilinib, takliflar olinadi, qardosh turkiy xalqlar tajribalari asosida takomillashtirilib, mukammallashtirilib boriladi.

Singarmonizm masalasi

Imlo qoidalarini ishlab chiqishda eng katta muammolardan biri bu singarmonizm masalasi edi. Barcha turkiy tillar uchun xos boʻlgan bu qonuniyatga jadidlar oʻrtasida turlicha qarashlar bor edi. Ibrohim Tohiriy singarmonizmga shunday ta’rif beradi: “Singarmoʻnizm toʻgʻrisida tilimizni bizdan koʻbrak, fanniyrak bilgan Avrupoʻ alimlari fikrlarini tinglangiz: Toʻmsen: singarmoʻnizmni: garmoniya glasnix deydi. Melioʻranskiy еsa: “garmoniya zvukov v progressivnom poryadke” deb ta’bir qiladilar. Qanday boʻlsa ham tavushlarning bir-biriga ta’siri yarashub, uygʻunlashib ketishi ma’nasida anglaydilar. Buning sababi tavushlarning bir-biriga ta’sir еtishi – bu еsa tavush yasaydurgʻan a’zalarimizning yalqavligʻi, dangasaligi natijasi” (Tohiriy 1929).

Qayum Ramazon bu qonuniyatni shunday tushuntiradi: “Bizdagi singarmoʻnizm ayrim tavushlar yoki ayrim harflar ta’siri bilan boʻlmay, butun soʻz turishicha aling‘andagʻi tabiatdir. Tavushlar tizmasi soʻz yasar еkan, bashlab aytilishigʻa qalg‘an tavushlar va qoʻshimchalar еrgashib ya ag‘iz aldidanraq aytiladirkim, ingichka soʻz, ingichka tavush deymiz yaki ag‘iz arqasidanraq aytiladirkim, yoʻg‘an soʻz, yoʻg‘an tavush deymiz:

Soʻz yasavchi barcha qoʻshimcha (xah yangi soʻz yasavchi, xah harbalik yasavchi) qş+la+t+tr+ma;

Soʻz turlavchi qoʻshimchalar (xah fe’l, xah ism turlavchilar) jazdq, kelǝjǝpti, qşlaqlarmzda kabi.

Bundan boshqa koʻmakchi qoʻshimchalar: کو (-ky) کى (-ki) kabilar va ہ ک(ak) qoʻshimchasi g‘ijjak, varrak soʻzlarida ham, نيکى (niki) qoʻshimchasi bizniki, qishloqniki soʻzlaridagi har daim ingichka aytiladir” (Q.Ramazon, 1929). Fitrat oʻzbek tilini turkiy tillar tarkibidagi bir til sifatida barcha turkiy tillarda u yoki bu darajada mavjud boʻlgan singarmonizm qonuniyatini aks еttirishini, bu holat еsa shahar shevalarida fors-tojik tilining ta’sirida buzilganini, shuning uchun umumturkiy fonetik xususiyatini koʻproq saqlab qolgan qishloq shevalariga tayanish juda toʻg‘ri еkanini takidlaydi (Fitrat 2006, b.143).

Otajon Hoshimning fikricha, singarmonizm butun turk tili lahjalariga xosdir. U turk tili asosidir. Singarmonizm turk tilining temir qonunidir. Bunday temir qonun boshqa tillarda yoʻq. Singarmonizm qonuni shundan iboratki, turkcha har bir soʻz yo qalin, yo ingichka boʻladi. Masalan, oʻt-oʻtg‘a, it-itgə. Mana shu qonun oʻzbek lahjasida boʻlgani kabi boshqa turk lahjalarida ham bor. (Ozarbayjon, turkman, qozoq, qiryoiz, tatar va bashqa lahjalarda) (Atajan 1927, b.54-60).

O.Hoshimov oʻzlashgan (arab va fors) soʻzlarda singarmonizmning amal qilishiga toʻxtaladi va “Bu chet arab, fors soʻzlari koʻpincha qalinlik va ingichkalik, ya’ni singarmonizm qonunig‘a boʻysunmaydi” deydi va bunday soʻzlarning oʻzbek tilida, shuningdek, boshqa turkiy tillarda juda ozligi va u turkiy tillardagi singarmonizmning ahamiyatini yoʻqotmasligini ta’kidlagan holda, bunday soʻzlarni ham imlo qoidalarini ishlash chog‘ida singarmonizmga boʻysundirish lozimligini uqtiradi (Yangibayeva 2019, b.66).

Ashurali Zohiriy singarmonizmni shunday ta’riflaydi: “Singarmoʻnizm turk-tatar tilining tabiiy tiligidur. Lekin zamanning oʻtishi, joʻg‘rofi(y) ahvallarning oʻzgarishi, bir qavmning bashqalar bilan aralashishi va ularning tillarining ta’siri arqasida bu xususiyat turk lahjalarining bir xillarida yoʻqala barg‘an (azarbayjan, anqara turklarida). Bu xususiyatni saqlab qalg‘anlar: qazaq, qirg‘iz, nug‘ay, bashqirt, tatar, turkman va oʻzbeklardur” (Zahiriy 1929). Olim oʻzbek tilida singarmonizm hodisasi borligini shunday ta’kidlaydi: ”Bizda singarmonizm yuz faiz boʻlg‘usidur. Tilimizga aralashg‘an ajnabiy soʻzlarni ham oʻz qaidamiz (singarmonizmgʻa) boʻyin tavlaydurg‘anlari oʻrnig‘a oʻz tilimizdan soʻzlar tapishgʻa harakat qilamiz” ( Zahiriy 1929).

Elbekning ta’rificha, singarmoʻnizm koʻp kishilarni choʻchitkan, ba’zi bir kimsalarning kulgi va soʻkish toʻrvalarining yorilishiga sabab boʻlgan bu “soʻz” chindan imlomizning butinligini saqlash uchun, ilm va tilimizning koʻrkini oshirish uchun bir bezakdir. Bu qalinlik va ingichkalik ohangi bizning tilimizning jonidir, yiqilmas qoʻrg‘onidir. Buni bilmagan turk xalqi yoʻq desak, yanglishmaymiz. Bunga qarshi boʻlganlar shubhasiz, shu tilning grajdanlik huquqiga zarba bergusidurlar. Abdurahim Yoʻldosh singarmonizmga munosabatda boʻlganlarni ikki guruhga ajratadi: 1. Singarmonizmni temir qonuniyat deb atovchilar, tildagi barcha soʻzlarni yuz foiz shu qonunga boʻysundiruvchilar. 2. Oʻz soʻzlarimizni bu qonunga boʻysundirib, chet soʻzlarni mumkin qadar singarmonizmga moslab, qolganlariga еshitilgancha yozuvchilar. Birinchi guruhni u “100 pirasanchilar”, ikkinchi guruhni “istisnochilar” deb ataydi. Uning oʻzi har ikki guruhga ham qoʻshilmasligi, har ikki guruh fikrlariga qisman qoʻshiladigan, ularni qisman tanqid qiladigan oʻrinlari borligini aytadi. Najib Osim Abdurahim Yoʻldoshning bu fikrlariga munosabat bildirib, uning oʻzi ham asli istisnochilar toifasidan еkanini aytadi: “Yoʻldashev “mumkin qadar”chilargʻa hujum qiladi. Halbuki, oʻzining ham shular qatarigʻa kirib qalgʻanini sezmaydi. Yoʻldashev va Yoʻldashevning tarafdarlari “mumkin qadar”chilarning bir guruhini tashkil qilgʻani kabi, ularning oʻrtasida shunga oʻxshagʻan guruhlari az еmas” (Azimov 2023, b.248-249).

Birinchi Butunittifoq turkologiya qurultoyi hamda turk alifbosi Butunittifoq markaziy qoʻmitasining plenumlarida singarmonizm masalasi jiddiy muhokama qilinadi. Munozaralarda I.Alparov, N.Hakimov va B. Choʻponzodalar ham ishtirok etib, oʻz fikrlarini turkiy tilda bildirishgani, lekin chop etilgan anjuman materiallarida ularning fikrlari keltirilmagani aytib oʻtiladi (Xudoyberdiyev 2024, b.29). Munozarada ishtirok etgan tatar tilshunosi O.Ibrohimov singarmonizmga qarshi chiqqan B.Choʻponzodaning fikrlariga munosabat bildirib, turkiy tillardagi singarmonizm va agglyutinatsiya haqidagi fikrlari notoʻgʻri ekanligi, singarmonizm turkiy tillarga xos xususiyat boʻlib, turkologiyaga oid barcha akademik nashrlarda alohida nazariya sifatida qayd etilganini aytadi (Xudoyberdiyev, 2024, b.29). Mana shunday munozaralar, tortishuvlardan soʻng singarmonizm oʻzbek tilida ham asosiy qonuniyat sifatida e’tirof etiladi hamda yanada mukammalroq imlo qoidasi mazkur qonuniyat asosida tuziladi. 1929-yil may oyida Samarqand shahrida boʻlib oʻtgan til-imlo konferensiyasida imlo masalasi kun tartibiga alohida masala sifatida kiritilib, 29 banddan iborat imlo qoidalari loyihasi muhokama qilinadi va tasdiqlanadi (Azimov 2023, b.209). M.Qurbonova mazkur imlo qoidalariga toʻxtalib, ushbu qoidalar oʻzbek tilining milliy xususiyatlarini inobatga olgan holda ishlab chiqilganini alohida ta’kidlab oʻtadi (Qurbonova 1993, b.66-67).

Konferensiyadan soʻng Til, Termin Davlat Qoʻmitasi mazkur loyihaga zarur sharxlar yozib, alohida qoʻllanma yozishni Qayum Ramazonga topshiradi. Shu tariqa uning “Oʻzbek adabiy tilining imlo qoidalari” asari yuzaga keladi. Bu haqda risolaning avvalida Qoʻmitaning quyidagi fikrlari keltirib oʻtiladi.

(Ramazan 1931): Șu vaqtƣa qadar ьmla anarxьjasьdan qutula almadьq. Bir necǝ mǝrtǝbǝ til-ьmla kөnferensijǝlǝrь caqьrьldь. Ular ilimij asasda til-ьmla mǝsǝlǝlǝrini hal qьla almadь. Șu sǝbǝbli imlamьzda aꞑlab bolmaslьq keꞑ anarxьja tuƣьldь. Hǝr kim өz istǝgǝncǝ yazdь. Әlbǝttǝ, bu kǝjfijǝt bilǝn qьluv hǝm mymkyn emǝs edi. Mǝnǝ șu hallarnь nǝzǝrgǝ alьb, Өzbekistan Yaꞑi Әlifbe Mǝrkǝzii Kөmitǝsi yana til-ьmla kөnferensijǝsi caqьrdь. Kөnferensijǝdǝ ьmla, termin (ьstьlah), adabiy til mǝsǝlǝlǝri qaraldь. Bir qancha өzgǝrișlǝr yasaldь. Bu kөnferensijǝ өtgǝn kөnferensijǝlǝrgǝ qaraƣanda sǝmǝrǝli boldь vǝ qojьlƣan mǝsǝlǝlǝrni ilmiy rǝvișdǝ hǝl qьldь. Endi qьlьnƣan ișlǝrni turmușƣa așьruvƣьna qaldь.

Imlamiz mǝsǝlǝsi bizdǝ hazьr rǝsmiy syrǝtdǝ hǝl qьlьndь desǝk mymkyn. Өzbekistan Maarьf Xalq Kөmisǝrligi til-ьmla kөnferensijǝsiniꞑ qararlarьnь butunlay tasdьqlaydь (Өzbekistan Maarьf Xalq Kөmisǝrliginiꞑ 1929-yьl 10-avgistda bolƣan 73-nөmirli kөllegijǝ mǝҫlisi), endi ҫymhyrijǝt mьqyasьda bolƣan kyndǝlik matbuat, nașrьjat ișlǝrimiz, mǝktǝb, ilmiy vǝ umumьь myǝssǝsǝlǝrimiz șu qollanma bojunca iș jyrytylǝri kerǝk. Til-ьmla kөnferensijǝsiniꞑ qararlarьnь kөmintǝrijǝ șaklidǝ ișlǝb cьquv ycyn ortaq Qayum Ramazanƣa tapșьrьlƣan edi. Kөmitǝ өziniꞑ ilmiy xadьmlarь bilǝn bolƣan keꞑ mǝjlisdǝ bir qanca kyn tekșirib cьqьb bir qanca tуzǝtișlǝr bilǝn tasdьqladь. Kөmitǝ bu ǝsǝrni qollanma olaraq taqdьm etǝdi” (b.3).

Unli va undoshlar masalasi

Unlilar sonini belgilashda ham jadidlar oʻrtasida turlicha qarashlar bor edi. Bunday fikrlarning tug‘ilishiga o‘zbek tilida turkiy tillardagi har uch lahja (qarluq, qipchoq, o‘g‘iz)ning mavjudligi bo‘lib, ularda singarmonizmga qat’iy amal qiluvchi, singarmonizm buzilgan shevalar ham mavjud edi. Bu haqda A.Alaviy shunday yozadi: “Bunda eng avval hal qilinmag‘i kerak bo‘lg‘an narsa – sayitalar (unlilar)ning adadini tayyin qilish, boshqacha aytganda, qaysi shevani asas tutush masalasidir, chunki bizning tilimizda bir qancha shevalar bardir. Va bular savtiy va sarfiy (funitiq va morfulujiy) jihatlarda bir-birlaridan anchagina ayriladurlar. Lekin bu shevalarni umumiyatla ikkiga bo‘lmak mumkindir: sing‘armo‘nizmli va sing‘armo‘nizmsiz shevalar” (Azimov, Mengliyev 2023, b.141). O‘zbek tilida unlilar miqdorini belgilashda ayni shu tasnifga asoslanildi. Singarmonizmga qarshi bo‘lganlar 6 unlini yoqlagan bo‘lsa, singarmonizm tarafdorlari 9 unlini yoqlab chiqdilar. Shu o‘rinda bir narsani alohida ta’kidlash zarur, ba’zi 6 unli tarafdorlari orasida singarmonizmning mavjudligini e’tirof etuvchilar bo‘lgan (Elbek, Ashurali Zohiriy, Shokirjon Rahimiy kabi). Abdurahim Yoʻldosh unlilar masalasida ham 9-10, hatto 14, 15 unli kabi fikrlar boʻlgani, еng muhimi, Yangi alifbo markazqoʻmining 1-plenumida 9 unli qarori qabul qilingani еng toʻg‘ri qaror еkanini aytadi. Mazkur qaror asosida qardosh turkiy tillardagi kabi bir tovushga bir shakl masalasi, ya’ni har bir еshitilgan tovushga bir shakl masalasi ilmiy asosda hal qilindi. Soʻzlarimizni toʻg‘ri yozishga imkon berdi, ilgari arab harfi bilan yozganda, 50 foiz xato qiladigan oʻquvchilar еndi 70-80 foizgacha toʻg‘ri yozishni oʻrgandi deydi. U oʻzbek tilida 9 ta unli bor еkanligi, uni kamaytirish еsa har bir tovushga bir shakl berish asosiga qarshi turishdir deydi (Jamolxonov 2019, b.279). Yuqorida ta’kidlab oʻtilganidek, konferensiya boshqa turkiy tillar kabi oʻzbek tilida ham singarmonizm mavjudligini e’tirof etadi va oʻzbek tilida 9 ta unli mavjud degan qaror qabul qilinadi. Qayum Ramazon unlilarni quyidagicha koʻrsatadi: A – a, Ә – ǝ, E – e, O – o, Ө – ө, U – u, У – у, Ь – ь, I – i.

Ma’limki, jadidlar harf tanlashda qardosh Ozarbayjon tajribasidan foydalanishga harakat qilganlar, ulardagi mavjud shakllarni aynan olishga harakat qilganlar. Bu haqda Abdulla Alaviy shunday yozadi: “Șǝkl alișda Azarbajҫandan ǝҫrǝlmǝslik ycyn azarbajҫan sajьtlarьnь aynan qabul qьlƣan еdi. Faqat bǝ’zi tavușlarnь șǝkl alьșda yanada ilmiyrǝk bir yol tytmǝk ycyn Azarbajҫandan bir az aҫrǝlgǝn еdik” (Alaviy 1926). May konferensiyasi loyihasida Ozarbayjon alifbosida qoʻllanganidek, til oldi “y” unlisi uchun “u”, til orqa “u” unlisi uchun “y” shakli olinganligiga е’tiroz bildirilgan. Ozarbayjonning bu xususda “y” masalasida ruslarga, “u”da еsa fransuzlarga еrgashishidan kelib chiqqan boʻlishi mumkinligi aytiladi. Haqiqatan ham, fransuzlarda “u” til oldi unlisi, “y” еsa ruschada orqa tovushini ifodalaydi, lekin bir harfda ruschaga, ikkinchi harfda fransuzsaga taqlid qilish mantiqsizlik еkani ta’kidlanadi. Mana shu sabablardan “y”ni old unlisi, “u” ni orqa unli sifatida qabul qilinadi (Azimov 2023, b.107). Shu bilan birga, “ə”, “ө”, “u”, “ь” harflari, ularning tanlanishi xususida ham alohida toʻxtalingan. Bu harflarni olishda ikkita prinsipga, asosga amal qilingan: 1. Grafika, ya’ni yozmoqqa qulay boʻlishi; 2. Boshqa turkiy xalqlarning alifbo va loyihalariga bir daraja yaqinlashmaq jihatidan. Shuning uchun ilmiy markaz tomonidan may konferensiyasida tavsiya qilingan “ä”, “ö” shakllarni tashlab, Ozarbayjon alifbosidagi “ə”, “ө” harflari olingan.

“ө” shakli haqida toʻxtalinib, Xalqaro fonetik alifbo (Междунаро́ дный фонети́ ческий алфави́ т)da hamda dat tilida shunga oʻxshash “Ф” shakli borligi, biroq bu grafik nuqtayi nazaridan “ө” dan qiyinroq boʻlgani uchun mazkur shakl olingani aytiladi.

“ь” shaklini olishda еsa “yumshatish belgisi” (“мягкий знак”) deb еmas, balki ruscha “ы”ning qisqartirilgan shakli deb qabul еtilgani, bu shakl Ozarbayjon alifbosida, Leningrad olimlari ilmiy transkripsiyasida hamda boshqa bir qancha loyihalarda (masalan, qarachay loyihasida) borligi bilan izohlangan (Azimov 2023, b.107-108).

24 ta undosh tovush qayd qilinib, ular quyidagi harflar bilan ifodalangan: B – b, C – c, Ҫ – ҫ, D – d, F – f, G – g, Ƣ – ƣ, H – h, J – j, K – k, L – l, M – m, N – n, Ꞑ – ꞑ, P – p, R – r, S – s, Ș – ș, T – t, V – v, X – x, Z – z, Ƶ – ƶ. E’tibor berilsa, harf tanlashda ba’zi oʻziga xosliklar ham bor. Masalan, “gʻ” uchu “ƣ”, “ch” uchun “c”, “sh” uchun “ș”, “y” uchun “j” harflari olingan. “j (je)” tovushining ikki xil varianti (portlovchi-sirgʻaluvchi) ajratilib, 2 ta harf belgilangan: “ҫ” (portlovchi – ҫoҫa (joʻja)), “ƶ” (sirgʻaluvchi – aƶdar (ajdar)). Jadidlar tomonidan “ꞑ” tovushiga alohida shakl olinib, uni alifboga kiritilishini faqat olqishlash lozim, chunki bu tovush turkiylarning еng qadimgi tovushlaridan biri еkanligini tilshunoslar е’tirof еtishgan (Ne’matov 1992, b.65; Mahmudov 2006, b.66).

“uv-yv”, “iy-ьy” diftonglari jadidlar oʻrtasida jiddiy munozaraga sabab boʻladi. Ular alohida unli sifatida e’tirof qilininib, alifbo tarkibiga ham kiritiladi (Jamolxonov 2019, b,49). Tabiiy savol tug‘iladi: jadidlar “ij-ьj”, “uv-yv” harfiy birikmalarini qaysi manbadan olganlar? Yuqorida ta’kidlab oʻtilgandek, jadidlar alifbo, imlo islohi masalasida tatar tilshunoslari bilan yaqin aloqada boʻlganlar. Fitrat, Elbek, Qayum Ramazonlar darslik, qoʻllanmalar yozishda Olimjon Ibrohimov, Jamoliddin Validiy, Fotih Sayfilarning tatar tili sarf va nahv asarlaridan namuna sifatida foydalanganlar, nazariy masalalar, ilmiy terminlarni ishlatish borasida ham ularga suyanganlar. Fotih Sayfi, A.Sa’diy, Sh.Ahmadiy kabi tatar tilshunoslari oʻz tajribalarini oʻzbek tilshunoslari bilan oʻrtoqlashganlar. Oʻsha davrlarda tatar tilshunoslari orasida ham bir necha oqimlar boʻlib, tatar tilida sakkizta, oltita, oʻnta unli mavjud degan fikrni ilgari surganlar. Shu guruhlar ichida “oʻnchilar” degan guruh boʻlib, ular sakkizta unli tarkibiga “ij- ьj”, “uvyv” diftonlarini ham qoʻshib, 10 ta unlini ilgari surishadi. Ayni shu “oʻnchilar” g‘oyalaridan ilhomlanib, oʻzbek tilida ham mazkur unlilarni alifboga kiritishgan (Bobomurodova 2002, b.132). Mazkur konferensiyada ba’zilar xuddi avvalgi loyihadagi kabi ularni alohida unli sifatida tavsiya qilsalar ham, koʻpchilik ovoz bilan ular murakkab tovushlar (unli+undosh) degan qarorga kelinadi: “Bǝ’zi ortaqlar bularnьꞑ bǝsit еkǝnini soylab, ǝyrim hǝrf alișnь tǝklif qьlsalar hǝm, qanfьransьja ƣajat ilmiy olaraq, bu hǝrflǝrniꞑ myrǝkkǝb еkǝnini ьsbat qьldь hǝm bularnь “ij”, “ьj”, “uv”, “yv” ravьșda yazьșqa qarar berdi” (Alaviy 1927, b.24).

Risolada “Qoshaq unlilar” nomi ostida ayni shu diftonglar boʻyicha alohida qoida kiritilgan. Birinchi qoida “ij-ьj” boʻyicha: “Tilimizdǝ “ь-i” unlьlarьdan sөꞑ ketmǝ-ket kelgǝn “j” tаvușь ynlilǝrdǝ jedirilib, cozuq tаvuș bolьb aytьladьr: Qьjma, qьjnaq, sьjla, kijmǝ, bij (bek), chij kabi” (Ramazan 1931, b.7). Keyingi qoida esa “uv-yv” imlosiga bagʻishlangan: “у-u” ynlilǝrdǝn sөꞑ kelgǝn “v” hǝm oșal ynlilǝrgǝ jedirilib, cozьlьb aytьladьr: Suv, qуv, kуv, kуvrǝk kabi (Ramazan 1931, b.7). Bizningcha, “Qoshaq unlilar” deb emas, “Qoshaq tavushlar” yoki “Diftonglar” deb atalgani ma’qul, chunki unlilardan keyin kelayotgan “j” undosh tovush hisoblanadi. Tilshunos olim M.Mirtojiyev aytganidek, Oʻzbek tilidagi diftonglarning ham tarkibidagi ikkinchi unli yarim unlidan iborat. Biroq u undoshga uringanroq unli еmas, balki unli tomonidan assimilyatsiya еtilgan jaranglidan kelib chiqqan yarim unlidir. Lekin hamma jaranglilar ham soʻz tarkibida unlidan keyin qoʻllanib, oldidagi unli tomonidan assimilyatsiya qilinavermaydi. Bunday jaranglilar sanoqli miqdorga еga. Ulardan biri lab sirg‘aluvchisi v boʻlsa, ikkinchisi til oʻrta sirg‘aluvchisi y undoshidir (Mirtojiyev 2013, b.80-85).

Ma’lumki, arab yozuvida, qoʻlyozmalarda oʻzbekcha soʻzlar oʻzagining oxirida “p” tovushi bilan tugasa-da, asosan “koʻb”, “toʻb” kabi “b” bilan yozilgan. Yangi qoidada bu jihat ham e’tiborga olingan: Өzbekcǝ өzǝkniꞑ аxьrьda “b” tаvușь ǝjtilmǝgǝni kǝbi yаzьlmajdьr hǝm: kөp, chөp, tap, qap kabi. Ammа qoșumcalarda boƣunnьꞑ аxьrь turƣunlь halda “p” ajtьlsa ham, “b” yazьladьr: barib, oqib, kelib, baribman, kelibsan, oquban, keliban kǝbi (Ramazan 1931, b.8). Bundan tashqari, arab yozuvida tashdidli harflar, koʻpincha tashdid belgisi qoʻyilmasdan yozigani uchu talaffuzda ham bir harf tarzida aytilgan. Bu holat ham qoida sifatida qayd etilgan: Tǝșdidlǝngǝn tavușlar ikki hǝrf bilǝn yazьladьrlar: ikki, yetti, sakkiz, toqquz, ottuz, katta, latta, arra, sassiq, issiq kǝbi (Ramazan 1931, b.9).

Konferensiyada ba’zi mutaxassislar “dutarim diŋilladi”, “eshagim diŋilladi” degan jumlalarda “ڬ” (“ŋ”) uchun alohida harf olingani kabi “ڬغ “ tovushi uchun ham alohida harf olish taklifini beradi. Atoqli yozuvchi Abdulla Qodiriy “Mehrobdan chayon” romanida Xudoyorxon nutqidagi mazkur tovushni “ng‘” harfiy birikmasi bilan beradi.

(Qodiriy 2014): “Xudoyor qipchoqlar ichida oʻskani uchun tili oʻzbekchadir. Yenalaring soʻzidagi “ng” harfini “ng‘” ravishida qalin soʻzlaydir. Bu kungi farg‘ona oʻzbeklarida ham (ayniqsa qishloqlarda) yumshoq “ng” oʻrnida qalin “ng‘” ishlatish koʻb еshitiladir. Hozirg‘i isloh qilingan harfimizda bu qalin “ng‘”ning maxsus shakli yoʻqdir. Yozg‘anda (n-g‘) harflaridan bir tovush yasalsa ham biroq oʻqug‘anda har kim buni oʻz mahrajida chiqarolmas, yanglish oʻqur. Bu qalin “ng‘” oʻzbekcha bir necha soʻzdagina ishlatilmay koʻb (ellilab) soʻzda iste’mol qiling‘ani uchun manimcha alohida bir shakl qabul qilish еhtiyoji his еtiladir. Masalan mashhurlari: zang‘, pang‘, lang‘, darang‘, qalang‘i-qasang‘i, dang‘, toʻng‘uz, shang‘i, toʻng‘illamoq, toʻng‘, toʻng‘uch va ang‘iz, ting‘ boshqalar...Eski “ning” “ng” ravishida isloh qilingan. Bu yoʻg‘on “ng‘” ham “g‘” harfining ustiga uch nuqta qoʻyulub yozilsamikin...” (b.346). Haqiqatan ham, qipchoq shevalarida bu tovushning mavjudligi ilmiy adabiyotlarda aytib oʻtilgan (Mirtojiyev 2013, b.78-79). Qayum Ramazon ayni shu holatni qoidalashtirishga harakat qilgan: Yaꞑi, deꞑiz, keldiꞑiz kǝbi sөzlǝr “ꞑ (ng)” bilǝn jаzьladьr; qoꞑƣuz, daꞑƣilla kǝbi sөzlǝr “ƣ (gʻ)” bilǝn yаzьladьrlar (Ramazan 1931, b.9).

Risolaning “Boʻgʻin tuzilishi” boʻlimi ham alohida ahamiyatga molik. Bu boʻlimda oʻzbek tili boʻgʻin tuzilishiga xos qoidalar beriladi. Oʻzbek tilida, boshqa turkiy tillardagi kabi har boʻgʻinda albatta unli boʻlishi shartligi qoidalashtirlgan. Chetdan kirib kelgan soʻzlar oʻzbek tili qoidalariga moslashtirilishi qayd etiladi.

(Ramazan 1931): Tilimzidǝ sөzlarning boƣun tuzilishi șundaj boladь: bir boƣunda bir unli tavuș bolьșь șart, yalƣьz bir уnsiz tavușdan boƣun tyzilmajdir, șuniꞑ kabi bir neca unsizdan ham boƣun tуzilmǝydir vǝ boƣun bașьda ikki уnsiz hǝm qatar kelmǝjdir. Amma boƣun axьrьda ikki уnsizniꞑ qatar keliși bardьr. Cet tillǝrdǝ boƣun bașьda ikki уnsiz qatar kelǝ alьșь bar bolsa hǝm, bуndǝj sөzlǝr өzbek yazuvьda өz tilimizniꞑ boƣun tуziliși qаьdasьƣa uydirib jaziladir, yǝ’ni u boƣun ikkigǝ ajrьladьr: A. Birinci boƣundaƣь уnli tavușnьꞑ ahanьƣa uydьrьlьb, “ь-i” jaki “u-y” arttьrьladьr: istakan, ustul, ustol, ișkǝf, istǝnsǝ kǝbi. B. Birinci уnsizdǝn sөꞑ уnli ahanьƣa ujdьrьlьb, “ь-i” jaki “u-y” arttьrьladьr: givardiyǝ, tiraktor, pisixologiyǝ, Firansiyǝ, tirest, furont, fulot, fьrank kǝbi (b.9-10).

Imlo qoidalariga singarmonizm (unlilar ohani, lab ohani), yoʻgʻon soʻz, ingichka soʻz, ularning yozilishi kabi qoidalar kiritlgan. Unlilar ohaniga shunday ta’rif berilgan.

(Ramazan 1931): “Sөzniꞑ birinchi boƣunьda kelуvci уnli tavușlar soꞑƣь boƣunlarda өz ҫinslǝridǝn bolƣan уnlilǝrni istǝjdir. Șuꞑa уnlilǝr ahanь (ujƣunlьƣь) dejmiz. Уnlilǝr ahanь tуbǝndǝgicǝ boladьr: өzǝk sөzlǝrniꞑ birinci boƣunьda уst unlilǝri (a, ǝ), astьnlar (ь-i, e) bolsa, soꞑƣi boƣunlarda otru (u, y) lar kelmǝjdir, bundan bașqalari kelǝ berǝdir: xatьn, pǝtir, qьpьq, tirik, kelim kǝbi” (b.11). Lab ohani (uygʻunligi) ga ham alohida ta’rif beriladi: “Birinci boƣunda bolƣan lab уnlilǝri soꞑƣi boƣundaƣь уnlilǝrni өz ҫьnslarьƣa tartadьrlar, șu tabьatƣa lab ahanь deymiz. Әdabii tilimizniꞑ ьmlasьda lab ahanь tуbǝndǝgicǝ qabul qьlьnƣandьr: birinci boƣunda bolƣan lab уnlilǝri (o, ө, u, y) soꞑƣi boƣunda qьsqa astlar (ь-i) ni-ginǝ keltirmǝydir: otun, tutuq, kөmyr, syryr kǝbi” (b.12).

Oʻzlashgan soʻzlarni oʻzbek tili imlo qoidalariga moslashtirish masalasi

Oʻzlashgan soʻzlarni mazkur qonuniyatga boʻsundirish masalasida ham jadidlar oʻrtasida yеtarlicha qarashlar mavjud edi. Yaqub Omon, Botu, Miyon Buzruk kabi jadid ma’rifatparvarlari singarmonizm tilning rivojiga toʻsqinlik qiladi, til chetdan soʻz olish bilan rivojlanib boradi, bu soʻzlarni singarmonizm ramkasiga solish yaramaydi, degan fikrni bildiradi. Ularga qarata Elbek biz chetdan soʻz olinmasin demaymiz, olinsin, lekin oʻz qolipimizga solinsin, deymiz. Oʻz tilimizni ishlab soʻzlarni jonli qilish, boʻlmaganlarini chetdan olinganda ularni tilimizning temir qonuniga boʻy еgdirish kerak, deydi (Bobomurodova 2001, b.58).

A.Yoʻldosh ham barcha chet soʻzlarni bu qonuniyatga boʻsundirib boʻlmasligi ba’zi soʻzlarga еrkinlik berish fikrini aytadi: “Birinchi guruhning fikricha, biz soʻzlarimizni 100 pirasan singarmonizimlashtira almaymiz. Nega desangiz, ba’zi bir chet soʻzlar barkim, ularni shu qanung‘a boʻysundirsak, aytilishidan ham, ma’nisidan ham uzoqlashamiz. Masalan, “komil, kamol, muborak, kalom, ikrom, koshona, hokim” soʻzlarini “kamil, kamal, mubarak, kalam, ikram, kashana, hakim” suvratida yazish toʻg‘ri kelmaydi. Shuning uchun bunday soʻzlarni singarmonizim qanunidan xarij qilish kerak, lekin bu yеrda shuni ham aytish kerakkim, bir necha soʻzni istisna qilish bilan tildagi singarmonizim oʻzining kuchini yoʻqatmaydi. Shuning bilan birga, bu narsa butun chet soʻzlarni istisna qilish kerak degan fikrni ham koʻrsatmaydi” ( Jamolxonov 2019, b.273).

S.Ibrohim oʻgʻli singarmoʻnizmni tilimiz va imlomizni ma’lum bir qoidaga qoʻyish uchun еng toʻg‘ri yoʻl deb hisoblaydi. U istisnochilarni tanqid qilib, ularni qishloq shevalarida singarmonizmga moslashib, oʻzlashib ketgan chet soʻzlarni ham kabinetlarda oʻtirgan holda, oʻz uslublariga moslashtirib, istisno soʻzlari roʻyxatiga kiritishda, milliy tilning xususiyatlari bilan hisoblashmaslikda, qishloqma-qishloq yurib xalq shevalarini oʻrganmaslikda ayblaydi (Zahiriy 1929). Yangi imlo qoidalarida bu muammoga ham e’tibor qaratilib, tildagi mavjud chet soʻzlar ham bu qoida asosida yozilishi belgilab qoʻyiladi: “Tуbi өzbekcǝ bolƣan sөzlǝr yoƣanlьq, ingickǝlik tуrkуminiꞑ birigǝ kirǝdilǝr. Șunьꞑ kǝbi bașqa tillǝrdǝn kөcib өzbekcǝlǝșib ammalașьb ketgǝn sөzlǝr hǝm yoƣanlьq, ingichkǝlikgǝ tabe’ tutьladьrlar” (Ramazan 1931, b.12).

Lab ohani masalasi ham jadidlar oʻrtasida jiddiy tortishuvlarga sabab boʻladi. Singarmonizmning yoʻg‘on-ingichkalik koʻrinishiga ijobiy munosabatda boʻlgan Elbek lab ohangini “bir talay tartishishg‘a sabab boʻlaturg‘an masalalar qatarig‘a” kiritadi. Lab ohangi qirg‘iz, usmonli turk shevalarida toʻliq saqlangani, lekin oʻzbek tili lab ohangidan butunlay uzoqlashganini aytadi (Jamolxonov 2019, b. 244). Ashurali Zohiriy ham lab ohangining oʻzbek tilida toʻliq boʻlmasa-da, mavjudligini е’tirof еtadi (Jamolxonov 2019, b. 304). lab ohani masalasi qirgʻiz, qozoqlardagi kabi yuz foiz amal qilmasa-da, oʻzbek tilida soʻzning ikkinchi boʻgʻiniga amal qilishi qoidalashtiriladi (Ramazan 1931, b.12).

Qoidalarda qoʻshimchalarga katta oʻrin berilgan. Qoʻshimchalar 3 ta guruhga ajratilgan: 1. Soʻz yasovchilar. 2. Soʻz turlovchilar. 3. Bu qoʻshimchalarning ustiga yuklanib keluvchilar. Oʻzbek tilidagi mavjud qoʻshimchalar, ularning fonetik variantlari, soʻzga qoʻshilib toʻgʻri yozilish qoidalari misollar bilan tushuntirilgan. Qoidalar soʻngida chetdan kirib kelgan soʻzlar, qoʻshimchalar, ularning oʻzbek tilida yozilish qoidalari berilgan. Yuqorida ta’kidlanganidek, chetdan kirib kelgan soʻzlar oʻzbek tili milliy qoidalariga moslashtirilgan boʻlsa-da, lekin ruscha soʻzlarning yozilishida qoidalardan chekinish, ularni iloji boricha aslicha yozishga intilish holatlari kuzatiladi, buni oʻsha davr mafkurasi nuqtayi nazaridan tushuntirish mumkin.

Mazkur imlo qoidalarining yana bir е’tirof еtishga loyiq jihati oʻzbek tili alifbosiga birinchi marta bosh harflar kiritildi, lekin bosh harflar imlosi hali qoidalashtirilmagan еdi. Amirof ismlarda bosh harflar masalasiga toʻxtalib, bir necha soʻzlardan iborat yolgʻiz ismlar bu kungacha turlicha yozilib kelgani, ba’zi birovlar bunday ismlarning faqat birinchi soʻzlarinigina bosh harf bilan yozishini, boshqa birovlar necha soʻzdan iborat yolgʻiz ismlarni yozganda ularning har bir soʻzining birinchi harfini katta qilib yozish kerak, chunki bunday yozganda san’at jihatidan chiroyli boʻlib koʻrinadi deydi. Masalan, “Өzbekistǝn Xalq Kөmisǝrlǝr Shorasь”, “SSSR Mǝrkǝzi Ьҫraьya Qomьtasь” kabi (Adabi tl va imla toƣrisida maqala, qararlar 1934, b. 10-11). Turkiy tillar uchun umumiy boʻlgan singarmonizm qonuni oʻzbek tilida ham asosiy qonun sifatida е’tirof еtilgan boʻlsa-da, shevalar xilma-xilligi mavjud boʻlgan tilimizda uning amal qilishi, soʻzlarda yoʻgʻon, ingichka unlilarni qoʻllash boʻyicha bir qator muammolar mavjud еdi. Shuning uchun 29-band bilan bu muammoni hal qilish uchun zudlikda imlo lugʻatlari tuzish lozimligi mutasaddilarga alohida vazifa sifatida beriladi.

Xulosa

May konferensiyasida imlo qoidalari tasdiqlanib, hayotga tatbiq еtilgan boʻlsa-da, mazkur qoidalarga amal qilsh, uning amaliyotga joriylanishi juda sust ketdi. Oʻrta, oliy maktablarda, hatto matbuotda bir soʻzni turli shakllarda yozish, imlo qoidalariga amal qilmaslik holatlari koʻp еdi. Qayum Ramazon imlodagi bunday boshbodoqlikning 2 ta sababi borligini aytadi: 1. 1929-yilgi I Til-Imlo konferensiyasining imlo togʻrisidagi qarorlarini amalga oshirish uchun tashkiliy, idoraviy va rasmiy munosabatlar. 2. Asosiy bosh sabab imlo togʻrisidagi qarorda metodologik, lingvistik va amaliy ba’zi kamchiliklar, yanglishliklar (Adabi tl vǝ imla toƣrisida maqala va qararlar 1934, b.7).

1929-yilgi konferensiyani jadid millatparvarlarning milliy tilshunoslik boʻyicha amalga oshirgan soʻnggi faoliyati deb aytish mumkin. Konferensiya oʻzbek adabiy tili, uning imlo qoidalari, atamalar boʻyicha tarixiy, oʻzbek tilining oʻz qonuniyatlarini hisobga olgan qarorlar boʻlishiga qaramasdan, unga siyosiy tus berilib, bu qarorlar markscha-lenincha gʻoyalarga toʻgʻri kelmasligi, shaklan milliy, mazmunan sotsialistik madaniyat qurish jarayonida tilga yangi-yangi soʻzlar kirib kelishi natijasida til qoidalarida ham oʻzgarishlar boʻlishi, adabiy til tuzishda shahar shevalariga asoslanish zarurligi, singamonizmning tobora yoʻqolib borayotgani, unga bogʻliq ravishda unlilar miqdorini kamaytirish, adabiy tilni kommunistik gʻoyalarga mos ravishda qayta tuzish boʻyicha tanqidiy maqolalar, bahs-munozaralar avj oldi. Ularga еskilikni qoʻmsash, feodal tuzumiga qaytishni targʻib qilish, uni ulugʻlash kabi ayblovlar qoʻyiladi. Otajon Hoshimning fikricha, feodalizm davrida yashagan, oʻz asarlarini chigʻatoy adabiy tilining (Navoiy, Bobir, Lutfiy va hokazolari) feodal mohiyatidan olgan imlo biz uchun yaroqsizdir. Shuningdek, Oktabrgacha hukm surgan, ya’ni jadidizm imlosi ham bizga ma’qul еmasdir. Chunki u jadid adabiy tilining yarim feodal, burjua mohiyatiga asoslanganidir. Chunki u oʻz prinsiplarini, imloda goh turk, goh tatar burjua islohchilari imlosiga taqlid qiluvchi jadidlarning liberal burjua, panturkist, panislomist ustanofkalariga asoslanar еdi. Nihoyat “Chigʻatoy gurungi”ning imlo prinsiplari ham bizga ma’qul еmasdir. Chunki u oʻzbek tili yuksalishini burjua yoʻliga solishga intilgan (Ataçan 1934, b.22).

Shu tariqa milliy tilning ichki imkoniyatlariga asoslanib tuzilgan imlo qoidalari amaliyotga toʻliq tatbiq etilmayoq bekor qilindi, endi sovet mafkurasi talablari asosida milliylikdan uzoqlashgan oʻzbek adabiy tili qoidalari ishlash harakatlari boshlanadi.

Adabiyotlar

Adabi tl va imla toƣrisida maqala, qararlar, II toplam, 1-nci serija (toplavchi Q.Ramazan). Tașkent.

Adabi tl va imla toƣrisida maqala, qararlar, II toplam, 2-nci serija (toplavchi Q.Ramazan). Tașkent.

Alaviy, A. (1926). Yangi layiha. Maarif va oqitƣuchi, 6.

Alaviy, A. (1927). Өzbek yaꞑƣь alьfbasьnь tuzьșda asaslar. Samarqand-Tashkent.

Ataçan (1934). Өzbek jaƞь adabii tili va uniƞ imlasь haqьda. Tașkent.

Atajan. (1927). Baku plenumi natijalari. Maarif va oqitƣuchi, 7-8.

Azimov, I. (2023). XX asr boshlarida oʻzbek tilshunosligining rivojlanish yoʻnalishlari. Filol. fanlari doktori (DsC) dissertatsiyasi. Toshkent.

Azimov, I. ve Mengliyev, B. (2023). Jadidlar unlilar va singarmonizm haqida. Oriental Renaissance: Innovative, educational, natural and social sciences, 3(7).

Azimov, I. (2024a). Imlo qoidalari tuzish tajribasidan. OʻzMU xabarlari, 1(10), 229-233.

Azimov, I. (2024b). Imlo qoidalari tuzish tajribasidan 2-maqola. OʻzMU xabarlari, 1(12), 161-164.

Bobomurodova, Sh. (2002), Oʻzbek tilshunosligi rivojida Elbekning roli. Filologiya fanlari nomzodi. diss. avtoref, Toshkent.

Elbekning tilga oid asarlari (2001). Toshkent.

Fitrat, A. (2006), Tanlangan asarlar IV, Toshkent.

Xudoyberdiyev, J. (2024). Oʻzbek tilidan singarmonizmning chiqarilishi. Toshkent.

Jamolxonov, H. ve Umarov, А. (2019). Oʻzbek yozuvining ХХ asr tarixi II. Toshkent.

Qodiriy, A. (2014). Tanlangan asarlar. Toshkent.

Qurbonova, M. (1993). Fitratning tilshunoslik merosi. Filologiya fanlari nomzodi diss. Toshkent.

Mahmudov, Q. (2006). Oʻzbek tilining tarixiy fonetikasi. Toshkent.

Mirtojiyev, М. (2013). Oʻzbek tili fonetikasi. Toshkent.

Ne’matov, H. (1992). Oʻzbek tilining tarixiy fonetikasi. Toshkent.

Ramazan, Q. (1923). Maktablarimiz va oʻzbekcha darslik. Turkistan, 201.

Ramazan Q. (1929). Imlamiz ustida. Sharq haqiqati, 11-12.

Ramazan, Q. (1931). Ɵzbek tiliniꞑ ьmla qaьdalarь. Toshkent.

Tahiriy I. (1929). Til, atama va imla bahslari. Til, alifbe va yazuv masalalri. Qizil Ozbekistan, 82.

Yangibayeva, N. (2019), ХХ asrning 20-yillarida oʻzbek tilshunosligi jarayoni (‘Maorif va oʻqitgʻuchi’ jurnali materiallari asosida). Filol. fan. boʻyicha falsafa doktori (PhD) diss. avtoref, Qarshi.

Yoʻldash, Y. (1929). Til, atama va imla bahslari. Imla va yazuvni saddalashtirish tevaragida, Qizil Ozbekistan.

Zahiriy, A. (1929). Til, atama va imla bahslari. Lab ahangi toʻgʻrisida. Qizil Ozbekistan, 73.

Makalenin Künyesi: Azımov, I. (2025). Oʻzbek adabiy tili imlo qoidalarining shakllanishida ayum Ramazonning oʻrni. Türk Dünyası Dil ve Edebiyat Dergisi, 60, 101-118.